Sohaga oid maqolalar

Bavosil yoxud gemorroy haqida

Bavosil (Gemorroy) – to‘g‘ri ichak venalarini kengayishi bo‘lib, ular tugunlar ko‘rinishida anus sohasiga bo‘rtib turadi. Kasallikka moyillik keltiruvchi va keltirib chiqaruvchi ko‘plab sabablar 2 guruhga bo‘linadi:
1. To‘g‘ri ichakni, orqa chiqaruv teshigini va ularning venoz tizimini tug‘ma o‘ziga xos tuzilishi.
2. Endo- va ekzokrin omillarning keyingi zararli ta’sirlari.
bavosil
Zamonaviy klinik qarashlarga ko‘ra gemorroyga gemorroidal tugunlardagi xilma xil patologik jarayonlarga oid deb qarash lozim (qon ketish, ichki tugunlarning tushishi, tromboz, yallig‘lanish, tashqi tugunlarning nekrozi va yiringlashi,  hakozolar). Gemorroy bilan voyaga yetgan odamlarning 10 % dan ko‘progi og‘riydi.
Adabiyotlardagi ma’lumotlarga asoslangan holda gemorroy kelib chiqishini tushuntiradigan quyidagi nazariyalarni keltirish mumkin:
1. Anorektal soha venoz tizimining tug‘ma yetishmovchiligi nazariyasi;
2. Mexanik nazariya – unga ko‘ra venoz bosimi oshishi munosabati bilan gemorroidal venalarda varikoz o‘zgarishlar bo‘lishi aytiladi;
3. O‘sma nazariyasi – unga ko‘ra gemorroy o‘sma hisoblanadi;
4. Infeksion nazariya;
Ba’zi kasalliklar, masalan, xafaqon (gipertoniya) kasalligi, yurak — o‘pka kasalliklarida qon aylanishining katta aylanasida noturg‘unlik bo‘lishi ham gemorroy rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Bunday hollarda gemorroy asosiy kasallikning simptomlaridan biri bo‘ladi va operativ davolanmaydi (agar asoratlari bo‘lmasa!).

Bavosil kaslligining klinik kechishi va shakllari

Gemorroy darak beruvchi belgilar davri bilan boshlanadi (anal teshigi sohasida nohush sezgi, yengil qichish). Bu davr bir necha oydan bir necha yillargacha davom etishi mumkin. Keyinchalik qon ketish paydo bo‘ladi va ayrim holatlarda, uzoq davom etayotgan gemorroyda anemiya rivojlanishi mumkin. Surunkali gemorroy anal teshigi sohasidagi og‘riqlar (defekatsiya vaqtida va parhez buzilganda) bilan kechadi. Keyingi davrda ichki gemorroidal tugunlarning tashqariga tushib qolishi kuzatiladi. Gemorroydagi simptomlar triadasi: tugun (shish), og‘rik va qon ketish.
Ichki gemorroidal tugunlar tushishida 4 ta bosqich ajratiladi:
1. Tugunlar kuchanish paytida tushadi va keyin mustakil tug‘rilanib ketadi.
2. Tugunlar kuchanish vaqtida tushadi, lekin mustaqil to‘g‘rilanmaydi.
3. Tugunlar piyoda yurgan vaqtda tushib qoladi va bemor o‘zi to‘g‘rilab qo‘ymaguncha to‘g‘rilanmaydi.
4. Tugunlar doimo tushib turadi va to‘g‘rilab qo‘yilgandan keyin ham yana tushib qolaveradi.
Gemorroidal tugunlar trombozi anal sohadagi kuchli og‘riqlar bilan kechadi. Ba’zi hollarda, gemorroidal tugunlar yallig‘lanishi anal soha shishi va tugunlar nekrozi bilan kechishi kuzatiladi.

O‘tkir gemorroyning 3 ta og‘ir darajasi ajiratiladi:

I daraja – tashqi gemorroidal tugunlar o‘lchami unchalik katta emas, zich elastik holatda, ular tishsimon liniyadan pastda joylashgan, palpatsiyada og‘riqli. Anal soha terisi biroz qizargan. Bemor shikoyatlari – kuchanish vaqtida kuydiruvchi og‘riq sezish va qichishish.
II daraja – perianal sohaning ko‘proq qismida ancha rivojlangan shish, qizarish. Shu sohani palpatsiya wilganda va to‘g‘ri ichakni barmoq bilan tekshirganda kuchli og‘rikli. Bemorlar anal teshigi sohasidagi kuchli og‘riqdan shikoyat qiladilar, ayniqsa, piyoda yurganda va o‘tirganda.
III daraja – anal teshigi atrofidagi to‘kimalar «yallig‘langan shish» bilan qoplangan. Bu soha palpatsiyada kuchli og‘riqli, shu sababdan to‘g‘ri ichakni barmoq bilan tekshirishning imkoniyati yo‘q. Anal teshigi sohasida, anal kanalidan tushib turgan, tuk qizil yoki ko‘kimtir qizg‘ish rangli ichki gemorraidal tugunlar ko‘rinib turadi. O‘z vaqtida davolanmasa tugunlar nekrozga uchrashi mumkin.

13-06-2022, 16:32
Ko'rishlar: 1 483
Sahifani chop etish